Перейти к содержимому

Нормативные документы SHNQ 2.01.03-26

SHNQ 2.01.03-26, 2-band

2-bob. Atamalar, taʼriflar, belgilanishlar va qisqartmalar

2

Ushbu SHNQda quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:

akselerogramma — zilzila yoki boshqa dinamik taʼsir vaqtida zamin, bino yoki inshootning muayyan nuqtasidagi tezlanishning vaqt boʻyicha oʻzgarishini ifodalovchi yozuv (grafik yoki raqamli shaklda);

bikirlik diafragmasi — bino yoki inshootning fazoviy bikirligi va barqarorligini taʼminlaydigan, gorizontal yuklamalarni qabul qilib, ularni poydevorga yoki boshqa vertikal yuk koʻtaruvchi elementlarga uzatadigan vertikal konstruktiv element yoki elementlar tizimi;

mayda oʻlchamli devorbop buyumlar — oʻlchamlari GOST 530-2012 boʻyicha 380x250x229 mm dan, massasi 7,2 kg dan oshmaydigan, devorlar va pardevorlarni tiklash uchun qoʻllaniladigan, qoʻlda koʻtarish va terish imkonini beruvchi oʻlcham va massali devorbop toshlar, bloklar va boshqa buyumlar;

yirik oʻlchamli devorbop buyumlar — GOST 530-2012 boʻyicha oʻlchamlari 380 × 250 × 229 mm dan, massasi 7,2 kg dan katta boʻlgan, GOST 31359-2024 va GOST 31360-2024 boʻyicha oʻlchamlari 625 × 500 × 500 mm dan, GOST 6428-2018 boʻyicha esa 900 × 500 × 100 mm dan oshmaydigan hamda massasi 31,5 kg dan kichik boʻlgan, devorlar va pardevorlarni tiklashda qoʻllaniladigan, qoʻlda koʻtarish va terish imkonini beradigan toshlar, bloklar, plitalar va boshqa buyumlar;

bikirlik yadrosi — tarhda yopiq shakldagi vertikal fazoviy bikirlik elementi;

bino va inshootlarning balandligi — binoning eng pastki rejaviy yer sathi belgisidan eng yuqori qavat orayopmasi sathigacha boʻlgan vertikal masofa (eng yuqori qavat orayopmasi ustida joylashgan lift mashina xonalari, shamollatish (ventilyatsiya) kameralari, antennalar va ularning machtalari, shpillar, shuningdek kichik hajmli va massali boshqa konstruksiyalar bino balandligiga kiritilmaydi);

bogʻlamli karkas — vertikal yuklamalarni asosan karkas ustunlari, gorizontal yuklamalarni esa vertikal bikirlik diafragmalari qabul qiladigan va poydevorga uzatadigan fazoviy konstruktiv tizim;

boʻylama toʻlqinlar — muhit zarrachalarining tebranishi toʻlqin tarqalish yoʻnalishiga mos ravishda sodir boʻladigan seysmik toʻlqinlar;

devor — tarhda choʻziq shakldagi koʻndalang kesimga ega boʻlgan, uzunligining qalinligiga nisbati (lw/bw) 4 dan ortiq boʻlgan va bino hamda inshootning boshqa konstruktiv elementlarini tayantirish yoki ulardan yuklamalarni qabul qilish uchun moʻljallangan konstruktiv element;

zilzila jadalligining makroseysmik shkalasi — zilzilaning yer yuzasidagi namoyon boʻlishini, jumladan uning insonlar tomonidan his etilishini, buyumlar holatini hamda bino va inshootlarning shikastlanishini makroseysmik belgilar asosida 1 dan 12 ballgacha baholash shkalasi;

zilzila — yer qobigʻining yoki yer ustki qatlamining toʻsatdan roʻy bergan siljishi, yemirilishi yoki oʻpirilishi oqibatida vujudga kelgan, uzoq masofalarga tarqaladigan toʻlqinsimon tebranishlar tarzidagi yer osti silkinishlari va tebranishlari;

zilzilabardoshlik — aholi hayoti hamda mol-mulkining xavfsizligini taʼminlaydigan binolar va inshootlarning zilzila taʼsiriga boʻlgan mustahkamlik koʻrsatkichlari;

zilzilaning hisobiy jadalligi — qurilish maydonchasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan zilzilaning maksimal jadalligi boʻlib, bino va inshootlarning yuk koʻtarish qobiliyati boʻyicha birinchi guruh chegaraviy holatga (CHH-1) yoʻl qoʻyilmasligi shartidan kelib chiqib qabul qilinadi;

kompleks konstruksiya — gʻisht, beton bloklar yoki boshqa tabiiy va sunʼiy tosh materiallardan terilgan hamda rama (karkas) hosil qilmaydigan temir-beton qoʻshimchalar bilan mustahkamlangan devor konstruksiyasi;

konstruktiv sxema — bino yoki inshootning asosiy yuk koʻtaruvchi konstruksiyalari tarkibi va ularning joylashish xususiyatlariga koʻra qabul qilingan konstruktiv tizim varianti;

konstruktiv tizim — bino yoki inshootning mustahkamligi, bikirligi va barqarorligini taʼminlaydigan oʻzaro bogʻlangan konstruksiyalar majmui;

kuchaytirish — konstruksiyalarning yuk koʻtarish qobiliyatini oshirishga, shuningdek ularning loyihaviy texnik holatini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;

qurilish maydonchasining seysmikligi — mahalliy seysmotektonik, muhandislik-geologik sharoitlar va topografik taʼsirlarni hisobga olgan holda, seysmik taʼsir parametrlarining oshib ketish ehtimoli belgilangan prognoz asosida aniqlanadigan hamda seysmik jadallik shkalasi boʻyicha butun ballarda ifodalanadigan qurilish maydonchasining seysmik xavfliligi;

qurilish maydonchasining hisobiy seysmikligi — bino va inshootlarni loyihalashda qabul qilinadigan, ballarda ifodalangan qurilish maydonchasining seysmikligi;

masʼullik koeffitsiyenti — zilzila taʼsirida bino yoki inshootning buzilishi oqibatlaridan kelib chiqadigan xavf darajasini hisobga oluvchi koeffitsiyent;

maxsus seysmik himoya tizimlari — bino va inshootlarga taʼsir etuvchi seysmik yuklamalarni kamaytirishga moʻljallangan tizimlar, shu jumladan yoqiladigan va oʻchiriladigan bogʻlanishlar, tebranishlarni dinamik soʻndirgichlar, energiya yutgichlar hamda seysmik izolyatsiya tizimlari;

maxsus texnik shartlar— shaharsozlik normalari va qoidalarida keltirilgan talablarni toʻldiruvchi yoki ularga kompensatsiya choralarini taʼminlovchi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi texnik kengashi qarori bilan qabul qilinadigan texnik-hujjat;

murakkablik toifasi — bino va inshootlarning loyihalash va qurish murakkabligini tavsiflovchi, ularning balandligi, ravoq uzunligi (prolyoti) va sanoat binolaridagi kranning (kran-balka) yuk koʻtarish qobiliyati boʻyicha belgilangan chegaraviy qiymatlarga muvofiq aniqlanadigan tasnifiy koʻrsatkich;

mustahkamligi past devorbop buyumlar — devor tiklashda qoʻllaniladigan siqilishdagi chegaraviy mustahkamligi 3,5 MPa (35 kgf/cm2) dan kam boʻlgan mayda va yirik oʻlchamli devorbop buyumlar;

rama-bogʻlamli karkas — vertikal yuklarni asosan ramali karkas, gorizontal yuklarni vertikal bikirlik diafragmalari va karkas qabul qiladigan va uzatadigan ramali karkas va vertikal bikirlik diafragmalari koʻrinishidagi fazoviy tizim;

ramali karkas — vertikal va gorizontal yuklarning barcha toʻplamini qabul qiluvchi, barcha yoki baʼzi bogʻlamlari bikir boʻlgan (eguvchi momentlarni qabul qilishga qodir boʻlgan) ustun va panellarning fazoviy tizimi;

seysmik jadallik — qabul qilingan shkala boʻyicha tavsiflangan yer yuzasining zilzila natijasida tebranish jadalligi ballda ifodalanishi;

seysmik taʼsir — tabiiy yoki texnogen omillar (zilzilalar, portlashlar, transport harakati, sanoat uskunalarining ishlashi) taʼsirida qurilish va tabiiy obyektlarning harakati, deformatsiyasi, shikastlanishi yoki buzilishiga olib keladigan yer harakati;

seysmik taʼsirlarning takroriyligi — muayyan jadallikdagi zilzilalar oraligʻidagi muddat (yillarda);

seysmik xavf — muayyan hududda muayyan vaqt oraligʻida aholining hayotiga tahdid soluvchi hamda binolar va inshootlarga zarar yetkazuvchi zilzilalar yuz berishi ehtimoli;

seysmik yuklar — seysmik taʼsir ostida boʻlgan binolarga taʼsir qiluvchi inersion kuchlar;

tektonik yoriq — tektonik harakatlar va togʻ jinslarining deformatsiyalari natijasida hosil boʻlgan yer qobigʻidagi yorilishlar va yoriqlar;

texnik qavat — muhandislik qurilmalarini joylashtirish va kommunikatsiyalarni oʻtkazishga moʻljallangan qavat;

egiluvchan qavat — gorizontal bikirligi yuqoridagi qavat bikirligining 70 foizdan kam yoki yuqoridagi uchta qavatning oʻrtacha bikirligining 80 foizdan kam boʻlgan binoning qavati;

yuk koʻtarmaydigan (oʻz yukini koʻtaruvchi) konstruksiyalar (elementlar) — bino yoki inshootning asosiy hisobiy konstruktiv sxemasida vertikal va gorizontal yuklamalarni qabul qilishda ishtirok etmaydigan, oʻz yukini yoki ularga bevosita taʼsir etuvchi yuklamalarni asosiy yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarga uzatadigan toʻsuvchi, pardozlovchi va muhandislik elementlari;

yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar — doimiy, vaqtinchalik va maxsus yuk va taʼsirlarni oʻzlashtiradigan hamda binolar va inshootlarning mustahkamligi, bikirligi va barqarorligini taʼminlaydigan qurilish konstruksiyalari.

Официальный источник: lex.uz. Редакция: 15.10.2026. Официальный текст — на латинице.

Мы принимаем

UzcardHumoVisaMastercard

Оплата проходит на защищённой странице платёжной системы и подтверждается по 3D Secure. Данные карты на нашем сайте не хранятся.