Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash uchun loyiha yechimlarida quyidagi tadbirlar nazarda tutilishi lozim:
a) seysmik yuklarni kamaytirish uchun:
seysmik taʼsirning spektral-vaqt tavsiflarini hisobga olgan holda maqbul konstruktiv sxemalarni tanlash;
massa va bikirlik markazlari oʻrtasidagi ekssentrisitetni kamaytirish orqali burovchi tebranishlar ehtimolini pasaytirish;
mustahkamlik va bikirlik talablariga javob beradigan yengil materiallar hamda konstruksiyalarni qoʻllash;
ogʻir jihozlarni, imkoni boricha, bino yoki inshootning quyi sathlarida joylashtirish;
b) seysmik taʼsirlarga qarshiligini oshirish uchun:
seysmik taʼsirlarga yetarli mustahkamlik, bikirlik va plastik deformatsiyalanish qobiliyatiga ega materiallar hamda konstruksiyalarni qoʻllash;
seysmik yuklarni yuk koʻtaruvchi elementlarga uzluksiz uzatishni taʼminlaydigan yagona fazoviy konstruktiv tizimni shakllantirish;
yigʻma elementlar birikmalarini hisob-kitoblar asosida loyihalash va ularning ishonchliligini taʼminlash;
zoʻriqishlarni elementlar oʻrtasida qayta taqsimlashga imkon beradigan statik noaniq konstruktiv tizimlarni qoʻllash;
tarhda vertikal konstruksiyalarning muntazam, simmetrik va bir tekis joylashishini, shuningdek ularning balandlik boʻyicha uzluksizligini taʼminlash;
qavatlararo yopmalarning yagona fazoviy konstruktiv tizim tarkibida gorizontal diafragma sifatida ishlashini taʼminlash;
asosiy gorizontal yoʻnalishlarda konstruktiv tizimning oʻzaro yaqin bikirligi va mustahkamligini taʼminlash;
turli yoʻnalishlardagi seysmik taʼsirlarga qarshilik koʻrsatuvchi konstruktiv sxemalarni tanlash;
mahalliy buzilish yoki yoʻl qoʻyilmaydigan deformatsiyalar natijasida bino yoki inshootning umumiy qulab tushishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini nazarda tutish;
konstruksiyalarning hisob-kitobda qabul qilingan plastik deformatsiyalanish qobiliyatini taʼminlash;
konstruksiyalar va (yoki) ularning birikmalarida plastik deformatsiyalar rivojlanishi sharoitida konstruktiv tizimning barqarorligi hamda geometrik oʻzgarmasligini taʼminlash;
insonlar xavfsizligiga tahdid solishi yoki asosiy yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar ishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yuk koʻtarmaydigan konstruksiyalarning ishonchli mahkamlanishini taʼminlash.
Official source: lex.uz. Text as of: 15.10.2026. Official text is in Latin script.